Assalomu alaykum muhtarama onaxonlar! Munis opa-singillar!
Avvalo, sizlarni, butun Universitetimiz xotin-qizlarini go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barchangizga o‘zimning eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirib, doimo oilangiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lish baxtini tilayman.
Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz.
Ayolni e’zozlash, ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan. Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu boradagi an’analarimizga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli xotin-qizlarning oila va jamiyatda tutgan o‘rni, faolligi oshib borayotir. Xususan, ta’lim tizimida xotin-qizlar uchun bir qator keng imkoniyatlar yaratilganligini alohida e’tirof etish joiz. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab berilishi hamda ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tizimining joriy etilishi minglab oilalar va ularda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning ko‘ngliga quvonch va yorug‘lik olib kirdi.
Shu o‘rinda universitet salohiyatini yuksaltirish, yangilash, fan va ta’lim sohasidagi yutuqlarimizni jahon andozalari darajasiga ko‘tarish maqsadida boshlagan ezgu ishlarimiz kelgusida biz kutgan amaliy natijalarni berishi uchun siz aziz opa-singillarimiz ham o‘zlaringizni munosib hissalaringizni qo‘shasizlar deb ishonaman.
So‘zimning oxirida barchangizni xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!
Xalqaro innovatsion universiteti rektori, Umidjon Doniyorovich Ortiqov