🌸 BAHOR AYYOMLARI DAVOM ETMOQDA
Jonajon Vatanimizga tashrif buyurgan fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor ko‘ngillarimizga surur bag‘ishlab, hayotimizdan mamnunlik hissini oshirmoqda.
Ushbu faslni o‘z fayzu tarovati bilan bezab turuvchi Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navro‘zi olam kabi go‘zal bayramlarimiz borki, ular har yilgidek o‘zgacha shukuh, o‘zgacha fayz bilan qarshi olinmoqda. Shu qutlug‘ lahzalarda sizlarni insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, tinchlik va birdamlikka da’vat etuvchi ayyomlar Sumalak sayllari boshlanib ketdi.
Bugun ham ayni tarixiy an’ana davom etib kelmoqda.
Ayni kunlarda yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, bayramona ruh, bayramona kayfiyat hukm surmoqda. Mehnatsevarlik, tinchlikparvarlik, bunyodkorlik hissi bilan yashayotgan xalqimiz aziz va mo‘tabar bayramlardan biri hisoblangan Navro‘z shodiyonalarini ko‘tarinki ruh bilan qarshilamoqda. El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar.
Navro‘z tabiat va insoniyatning o‘zaro uyg‘un hayoti, el-ulus qalbida yaratish, bunyodkorlik hislarini o‘zida mujassam etgan eng qadimiy va sevimli, haqiqatan, umumxalq bayrami sifatida qadrli, har bir xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan aziz va suyuklidir. Navro‘zni minglab yillar davomida o‘zining chuqur mazmun-mohiyati va falsafasi bilan hayotimizda alohida o‘rin olgan yasharish va yangilanish pallasi, sharqona yilboshi sifatida ardoqlaymiz. Bu go‘zal pallada tabiat uyg‘onishi, olamning rangin tusga kirishidan qalbimiz pok niyatlarga to‘lib, butun vujudimizda ezgu sa’y-harakatlar jo‘sh uradi.
Xalqimizda shunday gap bor: Yil boshi – Navro‘z oldidan qilingan yaxshi niyat, albatta ijobat bo‘ladi. Ishonamanki, joriy yilda ham astoydil, sidqidildan mehnat qilib, oldimizga qo‘ygan barcha ezgu niyatlarimiz hamda eng oliy maqsadlarimizga erishamiz.
Universitet jamoasi bahoriy ayyomlar davrasida jam boʻlib, oʻzbekona milliy liboslarda sumalak saylini oʻtkazishdi. Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!